Poytaxtimizdagi Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” respublika sport musobaqasi g‘oliblarini taqdirdash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova mamlakatimizda bolalarni sportga, ayniqsa qizlarni gimnastikaga jalb etish borasida muayyan tizim yaratilganini e’tirof etdi.
Ushbu musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etildi.
Musobaqada umumta’lim maktablarining 1-4-sinflari o‘quvchi-qizlari maktab, tuman (shahar), hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) bosqichi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa yakunida jamoaviy hamda yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur musobaqa badiiy gimnastika nafosat, barkamollik, go‘zallik kaliti ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri