Amerik Qo‘shma Shtatlarida ertaga – 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi uchun 75 milliondan ko‘p fuqaro allaqachon o‘z tanlovini bildirib bo‘ldi.
Florida universiteti saylov laboratoriyasi muddatidan oldin ovoz bergan fuqarolar sonini e’lon qildi. Ularning 40 milliondan ortig‘i shaxsan ovoz berdi, 34 millionga yaqin saylovchi esa huquqidan pochta orqali foydalandi.
Mamlakatda jami 244 million saylovchi bor. 2020 yilgi prezidentlik saylovida rekord darajadagi 66,6 foiz fuqaro ishtirok etgan. Ya’ni, 159 millionga yaqin odam ovoz bergan.
Ko‘pgina shtatlarda oldindan tanlov qilish jarayoni saylov kuniga qadar davom etib, bu ovozlar ham 5 noyabr kuni rasmiylashtirilgan byulletenlar bilan birga, saylov uchastkasi yopilgandan keyin sanab chiqiladi.
Prezident Jo Bayden ham Delaver shtatida muddatidan oldin ovoz berdi.
– Saylov kuni Qo‘shma Shtatlar uchun “erkinlik kuni” bo‘ladi, – dedi davlatning sobiq rahbari, Respublikachi nomzod Donald Tramp. – Amerika Qo‘shma Shtatlari bosib olingan davlat. Agar prezident etib saylansam, mamlakat yaqin kelajakda ishg‘oldan chiqariladi.
Tramp Virjiniyadagi saylov oldi tashviqotida nutq so‘zlab, unga ko‘pchilik ovoz berish qiyin bo‘lishi, chunki Nyu-York va Kaliforniya kabi yirik shtatlarda demokrat saylovchilar ustunlik qilishini tan olgan.