Koreya Respublikasining Pusan shahrida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon kubogi o‘tkazilmoqda.
Bugun, 1 noyabr kuni qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqada yakkalik yo‘nalishda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Qit’aning mahoratli yosh qilichbozlari ishtirok etayotgan ushbu bahslarda hamyurtimiz Guliston Perdibayeva bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yarim finalgacha muvaffaqiyatli ishtirok etgan “Xanchjou-2022” yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi Guliston Perdibayeva final ostonasida yoshlar o‘rtasida jahon chempioni xitoylik Simao Pan bilan ro‘baro‘ keldi.
Teng kurashlar ostida kechgan bahsda hamyurtimiz 14:15 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu esa Guliston Perdibayevaga yakkalik musobaqalarning bronza medaliga ega chiqish imkonini yaratdi.
Endi qilichboz qizlarimiz ertaga musobaqaning jamoaviy dasturida medallar uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA