Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (ANOC)ning Portugaliyada o‘tkazilgan navbatdagi Bosh Assambleya yig‘ilishida O‘zbekistonda olimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi islohotlar, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Dunyoning turli mintaqalarida faoliyat yuritayotgan 288 ta milliy olimpiya qo‘mitalaridan 850 delegat qatnashgan Bosh Assambleyada olimpiya olamida so‘nggi ikki yilda ro‘y bergan muhim voqeliklar, birdamlik dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlab o‘tdi. “Dakar-2026” o‘smirlar yozgi Olimpiya, “Milan-Kortina-2026” qishki Olimpiya hamda “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha tashkiliy qo‘mitalarning hisoboti tinglandi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov yetakchiligidagi mamlakatimiz sport delegatsiyasi Assambleya doirasida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakillari shuningdek, XOQ Prezidentligiga nomzod bo‘lgan Iordaniya shahzodasi Faysal Al Husayn, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi rahbari David Laparten, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe kabi jahon sporti mutasaddilari bilan suhbat o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarida olimpiya harakatini yuksaltirish, O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi islohotlar, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalalarida fikr almashildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA