Davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus, Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan kuni Mo‘ynoq tumaniga yangi suv quvurini tortish ishlariga start berildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yi, shu jumladan, Mo‘ynoq tumani aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborga to‘xtaldi. Yangi suv quvuri 5 ming kub metr suv yetkazish va 1300 dan ortiq xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyatiga ega.
Loyiha Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilib, qiymati 8,21 million AQSH dollarini tashkil etadi. Tumanga yangi suv quvurini tortish ishlari Ozarbayjon Respublikasining “Archico Engineering company” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
– Loyihada “Qiziljar” ovul fuqarolar yig‘inining Aliy, “Hokim ota” ovul fuqarolar yig‘inining Do‘stlik, “Bo‘zatov” ovul fuqarolar yig‘inining Amudaryo, Qipchoqdaryo, Talliq, “Uchsay” ovul fuqarolar yig‘inining Uchsay, To‘qmoq ota ovullariga, tuman markazidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlariga Tuyamo‘yin suv omboridan ichimlik suvi yetib boradi – deydi “Archico Engineering company” kompaniyasi texnik direktori Nazim Sherimov.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.