Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 23-turi bugun, 31 oktyabr kuni start oladi. Milliy chempionatimizning ushbu turini “Paxtakor” – “Andijon” o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi.
“Jar” stadionida soat 18:15 da boshlanadigan mazkur uchrashuvni Nikita Mustafin bosh hakam sifatida boshqarsa, unga qanotlarda Elnur Doniyorov va Zufar Eliboyev yordam beradi. To‘rtinchi hakam vazifasini Umid Nutfulloyev bajaradi. VAR hakami etib Ilgiz Tantashev tayinlandi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “Paxtakor” – “Andijon” jamoalari bugunga qadar chempionat doirasida 55 bora to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarning 40 tasida “Paxtakor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 9 bahsda durang natija qayd etilgan. Faqat 6 marta “Andijon” futbolchilari muvaffaqiyatga erishgan. Mazkur bahslardagi to‘plar nisbati ham poytaxt klubi tomonida – 129/38.
Toshkentda o‘tkazilgan 27 bahsning 23 tasida «Paxtakor» zafar quchgan bo‘lsa, 4 bahsda kuchlar teng kelgan. O‘zaro o‘yinlardagi eng yirik natija 2015 yilda qayd etilgan. O‘shanda «sherlar» 6:0 hisobida «Andijon» jamoasini taslim qilgan edi.
Bu yilgi Superliga bahslarida «Paxtakor» 22-turda 35 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Andijon» 22 ta o‘yinda 25 ochko jamg‘arib, 10-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Superligasining 23-tur uchrashuvlari 3 noyabr kuniga qadar davom etadi. Unda “Lokomotiv” – “Nasaf”, “So‘g‘diyona“ – “Surxon”, “Olimpik” – “Navbahor”, “Qizilqum”– “Dinamo”, “Neftchi” – “Bunyodkor”, “Metallurg”– “OKMK” bahslari bo‘lib o‘tadi.
Hozirda “Nasaf” Superliga jadvalida 49 ochko jamg‘arib, yaqqol peshqadamga aylangan. OKMK klubi esa 39 ochko bilan ikkinchi, “So‘g‘diyona” 37 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA