Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini kuzatish missiyasi vakillari Toshkentda o‘z ishini yakunladi.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasida YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas Bryus, uning o‘rinbosari Ioannu Dimitra, saylovlar bo‘yicha tahlilchi Teylor Kris Jon ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, ushbu missiya asosiy guruh tarkibidagi 17 ekspert va respublika bo‘ylab safarda bo‘lgan 26 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan iborat edi.

Saylov kuni 33 davlatdan 322 kuzatuvchi, jumladan DIIHBning 223 nafar uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchisi hamda YeXHT Parlament assambleyasidan 56 delegat jarayonga jalb etildi.

YeXHT qisqa muddatli missiyasiga maxsus muvofiqlashtiruvchi va yetakchi A.Guliyev boshchilik qildi. D.Ueyk rahbarligidagi DIIHB vakillari mamlakatimizda joriy yil 23 sentyabr kuni ish boshlagan edi.

Kuzatuv davomida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ushbu muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda YeXHT majburiyati, demokratik saylov bilan bog‘liq boshqa xalqaro standartlar, shuningdek milliy saylov qonun hujjatlari qoidalariga mosligi nuqtai nazaridan monitoring olib borildi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yuzasidan missiyaning dastlabki natija va xulosalar to‘g‘risidagi bayonoti” taqdim etildi.

O‘z navbatida, missiya rahbari D.Ueyk uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirarkan, so‘nggi yillarda YeXHT DIIHB va O‘zbekiston o‘rtasida saylov sohasida qaror topgan va tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlik zamonaviy tendensiyalarga mos ilg‘or tajribani joriy etishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– Missiyamiz so‘ngida yana bir uchrashuv o‘tkazilishi har ikki tomon uchun foydali, – dedi missiya rahbari. – MSK a’zolarining saylov qanday o‘tgani to‘g‘risidagi fikri va tahlillarini tingladik. Shu bilan birga, biz ham xulosalarimiz bilan bo‘lishdik. Muloqotda ijobiy tendensiyalar, ya’ni saylovga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, innovatsion texnologiyalar samarali qo‘llangani singari e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar muhokama qilindi. YeXHT DIIHB O‘zbekiston bilan izchil hamkorlik qilib keladi va ovoz berish jarayonini yanada takomillashtirishda ushbu aloqalar muhim o‘rin tutishiga ishonamiz.

Bir narsani alohida ta’kidlashim kerak, nafaqat markaziy saylov komissiyasi, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab minglab saylov uchastkalari a’zolari, mamlakat fuqarolari ushbu muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida MSK raisi xorijlik hamkorlarga monitoring va kuzatuv jarayonida olib borgan faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida ular tomonidan berilgan tavsiya va takliflar saylov qonunchiligini takomillashtirishda inobatga olinishini ta’kidladi.

Suhbat davomida tomonlar MSK va YeXHT DIIHB o‘rtasida samarali hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashdi.

Qayd etish joiz, kegusida YeXHT DIIHB missiyasi tomonidan saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi amaliyotni, tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif, tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yakuniy hisobot tayyorlanadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA