Toshkentda davlat idoralari, biznes hamjamiyati, diplomatik missiya va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining “Delivery Unit” loyihaviy idorasi tashabbusi bilan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etilgan tadbirda “Ma’lumotni boshqarish milliy tizimi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy jihatlari hamda hujjatni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar ayni yo‘nalishda davlat xizmati ko‘rsatishda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar qilinishi natijasida aholi turmush sifati yaxshilangani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmati ko‘rsatish jarayoniga tizimlarni integratsiya qilish va ma’lumot almashish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishildi. Bugun kuniga yuzdan ziyod axborot tizimi bir-biri bilan bog‘lanadi. Shunday bo‘lsa-da, davlat apparati qarorlarini qabul qilishda  real ma’lumotdan foydalanish masalasi hanuz to‘la hal etilmagan. Buning uchun davlat siyosatini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha  zamonaviy  vositalar talab etiladi.

– Tarmoqlararo ma’lumotni integratsiya qilish va vaqtida taqdim etish barcha davlat tuzilmalari, jumladan vazirlik, idoralar uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov. – Sifatli va tekshirilgan ma’lumot ishonchli faktga asoslangan boshqaruv qarori qabul qilishga yordam beradi. Bu jadal o‘zgarishlar, davlat idoralari ishi samaradorligiga talab oshib borishi sharoitida nihoyatda dolzarb. Barcha zarur ma’lumotlar yig‘ilgan yagona axborot muhitidan foydalanish barqaror rivojlanishga, fuqarolar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan tezkor va  shaffof  qarorlar qabul qilish garovidir.

Yangi qonun doirasida yuqori darajali rahbarlar muhim ma’lumotdan foydalanishini ta’minlovchi raqamli vosita joriy qilish rejalashtirilmoqda. Bu boradagi tahlil jarayonida sun’iy intellekt muhim o‘rin tutib, qarorning aniqligi va qabul qilinish jarayoni samaradorligini oshiradi. Shuningdek, barcha sektor va tarmoqlar ma’lumotidan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu ma’lumotlar siyosiy qaror qabul qilish, strategik rejalashtirish va amalga oshirilgan dasturlar samaradorligini baholashda asos bo‘lib xizmat qiladi.

– Muhokama qilinayotgan qonun davlat idoralari qaror qabul qilishda foydalanadigan ma’lumot hajmi oshib borishi nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega, – deydi “Delivery Unit” loyihaviy idorasi rahbari Aziza Umarova. – Ilgari statistika hisoboti asosiy axborot manbai bo‘lgan, endi esa raqamlashtirish sharoitida ko‘plab yangi manbalar, jumladan ma’muriy reyestr va me’yorni belgilovchi turli qurilmalar ma’lumoti, masalan fiskal chek paydo bo‘ldi. Ushbu qonunning asosiy maqsadi tasdiqlangan ishonchli  ma’lumotdan samarali foydalanish uchun huquqiy me’yor va strategik yo‘nalish belgilash. Bu davlat siyosati, davlat dasturlarini amalga oshirish va baholashni takomillashtirishga yordam beradi.

Ta’kidlash joiz, qonun javobgarlik tamoyilini joriy qiladi: har bir davlat idorasi o‘zi javob beradigan ma’lumotning toifasi, jumladan sifati va vaqtida to‘planishini aniq belgilab oladi. Ushbu idoralar o‘z ma’lumotini yagona tizimga kiritishi talab qilinadi, boshqa idoralar ma’lumotidan foydalanishiga ruxsat etiladi. “Bir marta to‘plab, keyin bo‘lishish” tamoyili shu tarzda amalga oshiriladi. Bu bir xil ma’lumotni bir necha marta to‘plashning oldini oladi. Biz qonunni to‘liq ishlab chiqib, 2025 yil qabul qilinishini rejalashtirayapmiz. Bugungi tadbirda ma’lumotni to‘plash va  tahlil qilishni yaxshilash bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Biz hujjat mukammal ishlab chiqilishi uchun  ularning ham fikrini tinglab, eng yaxshi amaliyotni hisobga olish niyatidamiz.

Ma’lumotni boshqarish siyosati, shuningdek, xususiy sektor foydalanishi uchun raqamlar to‘plamini boyitish va “data.gov.uz” saytida e’lon qilishga ham qaratilgan bo‘lib, bu fuqarolar va biznes vakillari ushbu ma’lumotlardan keng foydalanishini ta’minlaydi.

Davra suhbatida 60 dan ziyod tashkilot vakillari ishtirok etgani, mavzuga qiziqish yuqoriligidan dalolat.

Aziza Alimova, O‘zA