Yangi farmon

Prezidentimizning joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan to‘rtinchi ochiq muloqotida xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ham muhim yangi tashabbuslar ilgari surildi. Chunki xizmatlar ko‘rsatish sohasida kam xarajat bilan tez muddatda biznesni yo‘lga qo‘yish, daromadlarning real o‘sishini ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlarini boshqa tarmoqlarga nisbatan ko‘proq tashkil etish mumkin.

Ochiq muloqotda bildirilgan takliflar va belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 30 avgust kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

– Farmon bilan umumiy ovqatlanish, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar berildi, – deydi Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyat shu’basi yetakchi inspektori Jasur Tursunov. – Jumladan, 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025 yil 1 yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga 2028 yil 1 yanvarga qadar har oyning 25 sanasigacha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etilishi belgilandi:

– oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz (to‘lov terminallari yoki mobil to‘lovlar orqali) qismi: 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 40 foizi; 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foizi;

– turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga– byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foizi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan tasdiqlangan ro‘yxatda xizmatlar sohasiga yangi turtki berish maqsadida o‘ndan ortiq qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish belgilandi.

Jumladan, joriy yilda mas’ul idoralar oldiga yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturini joriy qilish, mahalliy mutaxassislarning xorijiy davlatlardagi uskuna ishlab chiqaruvchi korxonalarda malakasini oshirish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan naqd pulga xarid qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim hujjatlarisiz rasmiylashtirish, umumiy ovqatlanish korxonalariga o‘z hududiga tutash hududda joylashgan bo‘sh yer uchastkalarida mavsumiy kafe xizmatlarini tashkil qilish tartibini soddalashtirish, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun mehnat shartnomasini elektron shaklda tuzish orqali qisqa muddatli (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzish tartibini joriy etish nazarda tutiladigan Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish vazifalari qo‘yilgan.

Bundan tashqari farmon bilan tasdiqlangan amaliy tadbirlar rejasiga muvofiq joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida mikromoliya xizmatlariga 1 trillion so‘m resurs ajratish, 2024-2025 yillarda 3 ming nafar mahalliy mutaxassisni Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Turkiyadagi uskuna ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga malaka oshirishga yuborish, bunda malaka oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni davlat tomonidan qoplab berish, shuningdek, boshqa bir qator vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.

Mutaxassisning qayd etishicha, mazkur vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi aholi bandligini ta’minlash bilan bir qatorda, aholi jon boshiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini hamda tadbirkorlik sub’ektlarining soni oshishiga olib keladi. Bu orqali xalqimizning yashash tarzi yaxshilanib, aholining  turmush darajasi yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari yaratiladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri