O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bu Senatda tashkil etilgan Mo‘g‘uliston delegatsiyasi bilan uchrashuvda qayd etildi.
“Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Suxbaatar Erdenebat bilan o‘zaro hamkorlikni faollashtirish va yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
S.Erdenebat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va hududiy vakillik organlariga saylovlar yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidladi. Saylov jarayonining barcha bosqichlari shaffof, ochiq va xolis o‘tgani, xalqaro demokratik standartlarga muvofiq bo‘lgani, yangilangan Konstitutsiya asosida mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilganini e’tirof etdi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, “Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, keng hamkorlik uchun aniq tadbirlar rejasini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova,
O‘zA