Braziliyaning Florianopolis shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan dunyoning eng yaxshi shaxmatchilari ishtirokida navbatdagi jahon chempionati bahslari boshlandi.
Dunyoning 62 ta davlatidan 527 nafar mahoratli yosh shaxmatchilar ishtirokidagi jahon chempionati bahslari 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Bu yilgi jahon chempionati musobaqalarida ishtirok etayotganlar orasida turli yosh toifasida o‘tgan yillar davomida sovrindorlikka erishgan 150 nafar yosh shaxmatchining borligi bahslar har jihatdan shiddatli kechishidan dalolat, deyish mumkin. 11 turdan iborat musobaqalar 10 noyabrga qadar davom etadi.
Chempionatda AQSH, Hindiston, Fransiya, Ispaniya, Gruziya, Xitoy, Norvegiya, Germaniya, Qozog‘iston va Polsha jamoalari eng katta tarkib bilan ishtirok etmoqda. Braziliya terma jamoasi 97 nafar shaxmatchini musobaqada ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Jahon birinchiligi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar yosh shaxmatchisi g‘oliblik uchun kurash olib boradi. 14 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Nilufarxon Imomqo‘ziyeva va Javohir Bozorov hamda 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda Afruza Hamdamova Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Aytish lozim, o‘tgan yili Italiyada ushbu yosh toifalarida o‘tkazilgan jahon chempionatida 92 ta mamlakatning 766 nafar shaxmatchi yigit-qizlari dona surgan edi. Murakkab va o‘ta kuchli ruhiy bosimda kechgan o‘yinlarda hamyurtimiz Afruza Hamdamova 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda o‘z mahorati va iste’dodini namoyish etib, jahon chempioni nomiga sazovor bo‘lgan edi.
O‘shanda Afruza musobaqani 1-tur kechikib boshlagan holda reytingda o‘zidan ancha baland bo‘lgan raqiblarini dog‘da qoldirishga erishish asnosida o‘zbek shaxmatining kuch-qudratini namoyish etgan.
Xo‘sh, Braziliyada Italiyada erishilgan natija takrorlanadimi? Bu borada hozirdan fikr bildirish qiyin. Lekin Afruzaning 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va boshqa turnirlarda to‘plagan tajribasi bu gal o‘z so‘zini aytishiga ishongimiz keladi. Umidimiz, Braziliya musobaqalari Afruza Hamdamova kabi Nilufarxon Imomqo‘ziyeva va Javohir Bozorov uchun ham yangi muvaffaqiyatlarga eshik ochishini qalb-qo‘rimiz bilan istaymiz.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA