O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 5-6-tur uchrashuvlarini safarda Qatar va KXDR termalariga qarshi o‘tkazadi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi mazkur bahslarda ishlaydigan hakamlar ro‘yxatini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 14 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:15 da «Jassim bin Hamad» stadionida start oladigan Qatar — O‘zbekiston terma jamoalari uchrashuvida koreyalik hakamlar brigadasi faoliyat olib boradi. O‘yinni Kim Jong Xeok bosh hakam sifatida boshqarsa, unga qanotlarda Park Kyunyong va Jang Jongpil yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam sifatida Chae Sang Xeop faoliyat yuritadi. VAR’da esa Kim Heegon ishlaydi.

19 noyabr kuni mamlakatimiz vaqti bilan soat 17:00 da Laosdagi «Lao» stadionida boshlanadigan KXDR termasiga qarshi safar uchrashuviga Ali Ahmad bosh hakam etib tayinlandi. Qanotlarda esa Alanezi Abdulhadi va Abbos Ahmad ishlaydi. To‘rtinchi rasmiy hakam — Ammar Ashkanoni, VAR’da esa Abulloh Jamali faoliyat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining to‘rtinchi turidan so‘ng “A” guruhida Eron  bilan bir xil 10 ochko to‘plagan holda to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda bormoqda.

BAA hamda Qatar esa 4 ochko bilan keyingi pog‘onalarda qolgan bo‘lsa, Qirg‘iziston 3 ochko jamg‘argan holda 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. KXDR hamon 2 ochko evaziga so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA