Fransiya poytaxti Parij shahrida joylashgan “Shatle” teatrida 2024 yilgi “Oltin to‘p” sovrinini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu marosimda “Manchester Siti” va Ispaniya terma jamoasi futbolchisi Rodri “Oltin to‘p” sohibiga aylandi.
U raqobatda “Real Madrid” futbolchilari Vinisius Junior, Jud Bellingem va Dani Karvaxalni ovoz to‘plashda ortda qoldirdi.
Ma’lumot o‘rnida: Rodri Ispaniya termasi bilan “Yevro-2024”, shuningdek, “Manchester Siti” safida APL bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.
Ayollar o‘rtasida “Oltin to‘p”ga “Barselona” jamoasi a’zosi Aytana Bonmati loyiq ko‘rildi.
Yilning eng yaxshi darvozaboni “Aston Villa” posboni Emiliano Martines deya e’tirof etildi. Mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasida Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” klubi a’zosi Lamin Yamal g‘olib bo‘ldi.
“France Football” tomonidan “Real Madrid” yilning eng yaxshi klubi deb topildi. Bu jamoa o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasi va Ispaniya superkubogi g‘olibi bo‘ldi.
Mazkur nominatsiyaga “Borussiya”, “Jirona”, “Bayer” va “Manchester Siti” klublari ham da’vogarlik qilgan edi. “Real” jamoasini boshqarib kelayotgan Karlo Anchelotti esa o‘tgan mavsumning eng yaxshi murabbiyiga aylandi. Ayollar futbolida esa “Barselona” klubi eng yaxshisi bo‘ldi.
Shuningdek, Harri Keyn («Bavariya»/Angliya) va Kilian Mbappe («PSJ» va «Real»/Fransiya) o‘tgan mavsumdagi yorqin o‘yinlari bilan eng yaxshi hujumchi nominatsiyasi g‘olibiga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA