O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi yirik korxonalardan biri hisoblangan “Qo‘ng‘irot” lokomotiv deposida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tashkil etilganiga 50 yil bo‘lgan korxonaning asosiy ish faoliyati yo‘lovchi hamda xalq xo‘jaligi yuklarini tashish, lokomotivlarni joriy ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatishdan iborat. Hozirda u “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatidagi yuk aylanmasining asosiy qismini bajarib kelmoqda.
Korxonada 9 dona TE10M, 10 dona UzTE16M rusumli yuk va yo‘lovchi tashuvchi teplovoz, 3 dona TEP70BS rusumli yo‘lovchi tashuvchi teplovoz, 14 dona manyovr teplovozi, 10 dona turli rusumdagi avtotransport mavjud. Korxonada teplovozlarni joriy ta’mirlash va texnik ko‘rikdan o‘tkazish sexlari, shuningdek, yoqilg‘i, avtotormoz uskunalarini, elektr apparatlarini, uzel va agregatlarni ta’mirlash, o‘t o‘chirish uskunalarini qayta to‘ldirish, mexanika, akkumulyator sexlari va kimyoviy texnik laboratoriyasi faoliyat olib bormoqda.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy etilgan “Inson qadri – oliy qadriyat” tamoyilini qo‘llab-quvvatlagan holda, temir yo‘l tizimida, xususan, xodimlar uchun xavfsiz, qulay ish sharoitlarini yaratish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Qo‘ng‘irot” lokomotiv deposi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Shavkat G‘aniboyev. – Joriy yilning may – avgust oylarida teplovozlarni joriy ta’mirlash va texnik ko‘rikdan o‘tkazish hamda yordamchi sexlar, kimyoviy texnik laboratoriyasi to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilib, qisqa muddat ichida foydalanishga topshirildi. Qurilish ishlari davomida yangi isitish tizimi o‘rnatilib, 2600 kv.metr maydonga issiq pol yotqizildi. Ishchi xodimlar uchun kiyinish va yuvinish xonalari tashkil qilindi. “Yashil makon” aksiyasi doirasida hududga 300 dan ortiq nihol ekildi.
So‘nggi yillarda korxonaning texnologik jarayonlarini raqamlashtirish darajasini yanada oshirish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Depo navbatchilari, lokomotiv brigadalariga ish taqsimlovchi, tezlik o‘lchash tasmalarini tahlil qiluvchi, kimyoviy texnik laboratoriyasi xodimlari to‘liq zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, raqamlashtirilgan tartibda faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi xodimlarning bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratib berildi. Ishchi xodimlar uchun mini futbol maydonchasi tashkil etilgan. Shuningdek, trenajyor zal, stol tennisi, shaxmat, shashka bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yo‘lga qo‘yilgan.
“Qo‘ng‘irot” lokomotiv deposida nafaqat temir yo‘l tizimidagi, balki tadbirkorlar va yuridik shaxslarga tegishli lokomotivlarni ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, teplovozlarni ijaraga berish, turli elektr dvigatellarni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.