Bugun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi vakillari tomonidan O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Missiya vakillari mazkur muhim siyosiy tadbir davomida inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlar olib borilganini qayd etdilar. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan deputatlikka nomzodlar, imkoniyati cheklangan saylovchilar uchun barcha sharoit yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Saylov huquqiga ega 832 ming nogiron fuqarodan 105 ming nafari ovoz berish uchun qo‘shimcha yordamga muhtoj edi. Ularga o‘z xohish-irodasini bildirish imkoniyatini yaratish maqsadida 16 mingga yaqin ko‘ngilli jalb etildi.
Bundan tashqari saylov uchastkalarida ko‘zi ojiz fuqarolar uchun bo‘rtma-nuqta bosma trafaretlar tayyorlandi. Shuningdek, ko‘zi ojiz saylovchilar uchun optik ko‘zoynaklar taqdim etildi.
Saylov uchastkalarining barcha binolari panduslar, chaqiruv tugmalari, shuningdek yashirin ovoz berish uchun maxsus kabinalar bilan jihozlandi.
O‘.Alimov, O‘zA