Kecha yurtimizda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan yurtimizga bir qancha mamlakatlardan OAV vakillari tashrif buyurdi. Ulardan biri – Qirg‘iz Respublikasining “Kabar” Milliy axborot agentligi direktori Mederbek Shermetaliyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligida bo‘ldi.

Uchrashuvda ikki mamlakat yetakchi axborot agentliklari o‘rtasidagi aloqalarni zamon talablariga mos tarzda rivojlantirib borish zarurligi qayd qilindi.

Suhbat chog‘ida axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, xodimlar tajriba va malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi ma’qullanib, yangilangan Anglashuv memorandumi imzolandi.

– Bugungi kunda Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xolis, ishonchli axborot tarqatish juda muhim, – dedi “Kabar” bosh direktori Mederbek Shermetaliyev. – Shu ma’noda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan sheriklikni yanada kengaytirishga kelishib olganimiz ayni muddao bo‘ldi. E’tirof etish joiz, O‘zbekiston fuqarolari siyosiy jarayonlarda juda faol. Fursatdan foydalanib, qardosh o‘zbek xalqiga tinchlik, farovonlik, obodlik tilayman.

Qirg‘izistondagi asosiy davlat axborot agentligi sifatida “Kabar” o‘z manbalarida mamlakatimiz hayotiga oid materiallarni muntazam e’lon qilib boradi.

Shuningdek, Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansi (ATNA), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat axborot agentliklari kengashi (Informsovet) va Islom hamkorlik tashkiloti Axborot agentliklari uyushmasi (UNA) ham O‘zA bilan faol hamkorlik qilib keladi.

O‘zA