Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Asad Majid Xon o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik, jumladan, tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo, transport va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish va kelgusi rejalarni muhokama qildi.

Qayd etilganidek, IHT 1985 yilda Tehronda tashkil etilgan. U mintaqaviy davlatlararo tashkilot bo‘lib, hozir unga 10 ta davlat, ya’ni Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya a’zo hisoblanadi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, so‘nggi yillarda iqtisodiyotda erishilgan yutuqlar, 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan rejalar va IHT mamlakatlari hududida transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA