2024 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida saylov yakunlari bo‘yicha brifinglar tashkil etilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Sh.Polvonov ishtirokidagi brifingda saylov jarayoni ishtirokchilarining qonunchilikka to‘liq rioya etishlari va huquqlarini samarali amalga oshirilishini ta’minlash borasidagi ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Qayd etilganidek, amaldagi qonunlarimizda saylovga oid qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Saylovoldi tashviqoti davomida axborot hamda tashviqot materiallariga qasddan shikast yetkazish huquqbuzarligiga oid 2 ta ish sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Kuni kecha o‘tkazilgan saylov jarayonlari bo‘yicha respublika sudlariga boshqa murojaatlar bo‘lmagani aytib o‘tildi.

Shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari boshlanganidan bugungi kunga qadar saylov o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning ishlariga to‘sqinlik qilish, murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayriqonuniy tarzda rad etish, ko‘rib chiqish muddatlarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari sudlarga kelib tushmagan.

Shu bilan birga, saylovni tashkil qilish, uni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari yoxud saylov komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish va saylov qonunchiligini boshqacha tarzda buzishga oid jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmagan.

Fuqarolar tomonidan saylov komissiyalariga huquqlari buzilgani to‘g‘risidagi murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi bo‘lib, sudlarga ariza (shikoyat) keltirilmagan. Fuqarolar tomonidan saylov komissiyalarining qarorlarini haqiqiy emas deb, ularning xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish masalasida ham sudlarga shikoyatlar kelib tushmagani qayd etildi.

Bundan tashqari, brifingda xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarda tashkil etilgan 57 ta uchastka saylov komissiyalari qarorlari masalasida ham murojaatlar kelib tushmagani aytib o‘tildi. Saylov jarayoni qonun normalariga muvofiq yuqori saviyada o‘tgani e’tirof etildi.

Muhtarama Komilova,  

Yoqub Meliboyev (video),  

O‘zA