Bugun Olmaliqda OKMK va Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi, Qarshida “Nasaf” va Samarqandning “Dinamo” klubi bahslari bilan O‘zbekiston chempionati superligasining 22-turi nihoyasiga yetadi.
Kuni kecha Toshkentda “Bunyodkor” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” klublari o‘rtasida ushbu tur doirasida qiziqarli bahs bo‘lib o‘tdi. Har ikkala jamoaga ochkolar suv va havodek zarur bo‘lganligi sabab, o‘yin keskin va murosasiz kurashlar ostida kechdi. Toshkentlik “Qaldirg‘ochlar” superligada jon saqlab qolishi uchun g‘alaba qozonishi talab etilar edi. Bu uchrashuvdagi g‘alaba jizzaxlik “Bo‘rilar”ni esa turnir jadvalida ikkinchi pog‘onaga olib chiqardi. Qolaversa, 4-o‘rinni egallab turgan “Paxtakor”ning ushbu turda Qarshi shahrida kutilmaganda “Qizilqum”(Navoiy)dan mag‘lubiyatga uchraganidan unumli foydalanib, poytaxtliklar bilan oradagi farqni 4 ochkoga oshirib olgan bo‘lardi.
O‘yinning birinchi bo‘limi ham, ikkinchisi ham asosan mehmonlarning ustunligida o‘tdi. To‘pga egalik qilish, raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yaratish, burchak va jarima zarbalari bo‘yicha ham mehmonlarning ustunligi yaqqol sezilib turdi. Lekin futbolda “Sen gol urmasang, senga urishadi” degan gap bor. Bu gap ushbu uchrashuvda ham o‘z isbotini topdi. Ikkinchi bo‘limning 71-daqiqasida “Bunyodkor”ning kam sonli hujumlaridan birini poytaxtliklarning legioner futbolchisi Luis Kachorri golga aylantirdi – 1:0.
Medallar uchun kurash olib borayotgan “So‘g‘diyona” jamoasini ham, uning bosh murabbiyi Ivan Boshkovichni ham bu hisob qanoatlantirmas edi. Shu sabab zaxiradan yangi kuchlar maydonga tashlandi. Shundog‘ ham maydonda ustunlik qilib turgan mehmonlar “Bunyodkor” jarima maydonida to‘liq “qamal”ni yuzaga keltirdi.
Toshketliklar bosh murabbiyi Ilyos Ziytullayevning hisobni ushlab qolish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasiga asosan mezbonlar butun jamoa bo‘lib himoyaga “yotib oldi”. Bugungi “So‘g‘diyona”ga qarshi bitta to‘p farqni saqlab qolish qiyin ekanini 21-turda Jizzaxda OKMK bilan kechgan o‘yin ham ko‘rsatgan edi. Bu gal ham xuddi o‘shanday bo‘ldi. O‘yinning 88-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan jizzaxliklarning yosh iqtidorli futbolchisi Samandarjon Mavlonqulov tajribali jamoadoshi Oleg Zoteyev uzatgan to‘pini boshi bilan darvozaga yo‘llab, o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqardi – 1:1.
O‘yindagi yana bir esda qolarli holat mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovichning 90(+1)-daqiqada asablarini jilovlay olmasdan o‘yin mahali maydonga tushib, uchrashuv bosh hakami Doston Mirzarayimov bilan tortishgani bo‘ldi. Oqibatda bosh murabbiy qizil kartochka bilan maydondan chetlatildi. Shu sabab o‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar yordamchi murabbiyi Rade Petrovich ishtirok etdi.
– “Bunyodkor”ni bir ochko bilan tabriklayman va ularga omad tilayman. Biz bugun butun chempionat davomidagi eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik. Raqib deyarli vaziyatlar yarata olmadi, lekin birgina vaziyat yaratib, undan unumli foydalandi. Hali oldinda to‘rtta bahs bor va biz kumush medal uchun kurashishda davom etamiz, – deya fikr bildirdi yordamchi murabbiy Rade Petrovich.
Ushbu 22-turning o‘tgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Navbahor” (Namangan) – “Metallurg” (Bekobod) – 1:0, “Surxon” (Termiz) – “Lokomotiv” (Toshkent) – 2:1, “Andijon” (Andijon) – “Olimpik” (Toshkent) – 1:0, “Qizilqum” – “Paxtakor” – 2:0.
Turnir jadvalida hamon Qashqadaryo viloyatining “Nasaf” jamoasi 21 uchrashuvdan 46 ochko jamg‘argan hoda yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Xuddi shuncha uchrashuvdan 39 ochko jamg‘argan OKMK ikkinchi, 22 uchrashuvdan 37 ochko yiqqan “So‘g‘diyona” esa uchinchi o‘rinda bormoqda. 22 o‘yindan bor-yo‘g‘i 15 ochko jamg‘arib, turnir jadvalining eng so‘nggida turgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi bu yil superligani tark etsa, ajabmas.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri