Vatanimiz tarixidagi 28 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1910 yil (bundan 114 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorligi markaziy mahkamasida alohida kengash chaqirilib, unda suv yo‘llaridagi kemachilikning holati muxokama qilindi va suv yo‘llarini Temir yo‘llar vazirligi ixtiyoriga o‘tkazish taklif etildi. General-gubernatorlik huzuridagi kengash ishining nihoyasida dastlabki davrda Amudaryo, Sirdaryo, Orol dengizi va Issiqko‘lda kemachilik texnik nazoratini tashkil etishga oid qaror qabul kilinadi.
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – Namangan shahar Dumasi o‘z faoliyatini boshladi. Ikki kundan so‘ng Namangan shahar boshqarmasi tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan shahar Dumasi raisi etib notarius M.V.Pokrovskiy, shahar boshqarmasiga esa Ye.V.Oboninsskiy saylandi.
1937 yil (bundan 87 yil oldin) – Xorazm Xalq Sovet Respublikasi harbiy ishlar noziri, alohida O‘zbek otliq askarlar polkining komandiri va komissari, 19-tog‘li otliq O‘zbek diviziyasi komandiri lavozimlarida ishlagan Mirkomil Mirsharopov sovet rejimi tomonidan Maykopda qamoqqa olindi. U O‘zbek diviziyasini milliylashtirish va bu diviziya yordamida O‘zbekistonni SSSR tarkibidan ajratib olish va mustaqil davlatni barpo etishga urinishda ayblandi. Dastlabki O‘zbek diviziyasi tarqatib yuborildi hamda Mirkomil Mirsharopov boshchiligida 18 nafar o‘zbek harbiy komandirlari va askarlari Toshkent atrofida 1938 yil 10 oktyabrda otib tashlandi.
1941 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston hukumatining qarori asosida Farg‘ona o‘rmon ho‘jaligi tashkil etildi. Tashkiliy ishlar tajribali o‘rmonchi Boris Savitskiy tomonidan olib borildi. Direktorlikka Egamberdi Mirzahmedov tayinlandi. Bu paytda xo‘jalik ixtiyorida 29 ming 557 gektar o‘rmon yerlari bo‘lib, Shohimardon, Mindon, Kaptarxona, Do‘rmon, Turbat o‘rmonchilik bo‘limlaridan iborat edi.
1943 yil (bundan 81 yil oldin) – “O‘zbek teatr jamiyati” tashkil etildi. Unga O‘zbekiston SSR Ministrlar soveti qoshidagi San’at ishlari bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Rahmonov rais etib tayinlandi. M.Ashrafiy, S.Eshonto‘rayeva, H.Nosirova, Tamaraxonim, M.P.Verxatskiy, M.K.Vulkonskiy, V.I.Shneyderman, A.I.Bochkareva, V.N.Fligelmanlar esa jamiyat a’zolari etib tayinlanishdi.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan G‘arbiy Afrikadagi Gana Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – Andijonda “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi. Zahiriddin Muhammad Bobur haqida yaratgan ilmiy asarlari hamda Bobur va Boburiylar merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishdagi ulkan xizmatlari uchun rossiyalik olima Anna Dыbo, boburshunoslar Mirmahmud Mirsaydullayev, Shokirxon Rustamxo‘jayev, turkiyalik boburshunos olim Yujel Bilol Bobur xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi qabul qilindi.
2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi