27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi xalqaro me’yorlar va standartlarga hamda milliy saylov qonunchiligimiz, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik va adolat kabi demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Bu yil yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan mamlakatimiz tarixida ilk bor parlament saylovi aralash – majoritar va proporsional saylov tizimi asosida tashkil etildi. Ertalabdan yurtimizning barcha hududida parlament va mahalliy Kengash deputatlari saylovi faollik bilan boshlanib, 11 ming 28 ta saylov uchastkalarida fuqarolar o‘z fuqarolik burchini amalga oshirdilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 40 ta xorijiy davlatdagi diplomatik va konsullik muassasalari huzuridagi 57 ta saylov uchastkasida xorijdagi vatandoshlarimiz saylash huquqidan foydalandi.
Joriy yilgi saylovda Saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimidagi saylovchilarning elektron ro‘yxatiga mamlakatimizdagi 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi kiritilgan. Bundan tashqari, chet ellardagi saylovchilarimiz 165 ming 631 nafarni tashkil etdi.
“Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tgan saylovlarda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar raqobatga kirishdi. O‘zbekiston tarixida birinchi marta siyosiy partiyalar tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Jumladan, Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga jami 3 ming 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 ming 850 nafar nomzod ko‘rsatildi.
Bu yilgi saylovda “E-saylov” axborot tizimi ishga tushirilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi tizim fuqarolar uchun ham saylovga doir axborotlarni olishda ko‘plab qulayliklar yaratdi va saylovga tayyorgarlik jarayonida o‘zining afzalligini to‘la namoyon qildi.
16-23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida mamlakatimiz hududida 1 million 15 ming 948 nafar, xorijda esa 132 ming 667 nafar saylovchi ovoz berdi.
Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Toshkent shahridagi ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Shuningdek, saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida mamlakatimizning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.
Yurtimizda yangi tizim asosida bo‘lib o‘tgan saylovni kuzatishda 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchi ishtirok etdi. Shuningdek, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ziyod kuzatuvchi saylovni bevosita kuzatib bordi. Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mingdan ortiq vakili yurtimizdagi ushbu muhim jarayonni faollik bilan keng yoritdi.
Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida komissiya raisi va o‘rinbosari hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida brifinglar tashkil qilinib, ommaviy axborot vositalari vakillari va xalqaro kuzatuvchilarga saylov jarayonining borishi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda soat 17:00 holatiga respublikamizdagi jami saylovchilarning 14 milllion 264 ming 994 nafari yoki 71,52 foizi ovoz berishda ishtirok etgani qayd etildi. Qonunchilikka ko‘ra, jami saylovchilarning 33 foizi ovoz berishda ishtirok etsa, saylov o‘tgan deb hisoblanadi. Ayni raqamlar mamlakatimizda saylov o‘tgan deb hisoblashga asos bo‘ladi.
Saylovning yakuniy natijalari 2024 yil 28 oktyabr kuni e’lon qilinadi.
Muhtarama KOMILOVA,
O‘zA muxbiri