Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida MSK raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov ishtirokida navbatdagi brifing bo‘lib o‘tdi. Unda saylov jarayonlarining borishi xususida ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni qizg‘in ruhda davom etmoqda.
Jumladan, 13:00 holatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida saylovchilarning 42,87 foizi, Andijon viloyatida 48,12 foizi, Buxoro viloyatida 44,01 foizi, Jizzax viloyatida 53,41 foizi, Navoiy viloyatida 46,83, Namangan viloyatida 48,67 foizi, Samarqand viloyatida 50,55 foizi, Sirdaryo viloyatida 50,23 foizi, Surxondaryo viloyatida 46,59 foizi, Toshkent viloyatida 45,52 foizi, Farg‘ona viloyatida 51,24 foizi, Xorazm viloyatida 48,88 foizi, Qashqadaryo viloyatida 49,17 foizi, Toshkent shahrida 41,09 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.
Jami saylovchilarning 9 million 498 ming 589 nafari yoki 47,62 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.
Qonunchilikka ko‘ra, jami saylovchilarning 33 foizi ovoz berishda ishtirok etsa, saylov o‘tgan deb hisoblanadi. Ayni raqamlardan kelib chiqilsa, mamlakatimizdagi bugungi saylov o‘tgan deb hisoblashga asos bo‘ladi.
M.Komilova,
A.Alijonov (surat),
Yo.Meliboyev (video),
O‘zA muxbirlari