Xitoyning Usi shahrida triatlon bo‘yicha Osiyo ochiq kubogining navbatdagi bosqich bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda Jeremi Kuindos ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Olimpiya masofalarida o‘tkazilgan bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Jeremi Kuindos marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi hamda bronza medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, ushbu musobaqada ruminiyalik Feliks Dushampt oltin, neytral sportchi Denis Kolobrodov kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida: Jeremi Kuindos 2011-2023 yillar davomida Fransiya terma jamoasi a’zosi sifatida bir necha musobaqalarda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan joy olgan. Joriy yilning iyul oyida u O‘zbekiston terma jamoasi safiga o‘tgan. Jeremi o‘tgan oyda Qozog‘istonda triatlon bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo kubogida terma jamoamizga bronza medalini keltirgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA