Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan qismining foydalanishga topshirilishi nafaqat Orolbo‘yida, balki mamlakatimizdagi tarixiy voqealardan biri bo‘ldi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Transport vazirligi mutasaddilari, faollar va yoshlar, mahalliy aholi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, ushbu voqeaning guvohi bo‘lishdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 dekabrdagi “2023 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani hududida xalqaro ahamiyatdagi A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lida 240 kilometrli sement-beton qoplamali yangi yo‘l barpo etildi.Loyihaning umumiy qiymati 383,4 million AQSH dollariga teng bo‘lib, shundan Osiyo Taraqqiyot bankining mablag‘i – 274,2 million AQSH dollarini, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 104,2 million AQSH dollarini tashkil etdi. Qurilish ishlari 2020-2024 yillarda amalga oshirildi. Joriy yilda 240 kilometr yo‘l qismini mukammal rekonstruksiya qilish loyihasi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur avtomobil yo‘lini ikki tasmali sement-beton qoplamali yo‘lga aylantirish ishlari Turkiyaning “Po‘lat yo‘l yapi san ve Tik SA” va Ozarbayjonning “Nord Vest Konstrakshin” qo‘shma korxonalari, shuningdek, Xitoyning “China Road and Bridge Corporation” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan loyihaning asosiy maqsadlaridan biri xalqaro va davlat miqyosidagi avtomobil yo‘lini xalqaro standartlar va andozalar talablariga mos ravishda yuqori darajadagi sifatli holatga keltirishdir.
Shu bilan birga, loyiha bo‘yicha yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshib, ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari qariyb 2,5 barobar iqtisod qilinishi, xalqaro va tranzit yuk tashishlar, shu jumladan, yo‘lovchi tashishlar hajmi bir necha barobarga oshirilishi, rekonstruksiya qilingan yo‘l qismida halokatli yo‘l-transport hodisalarining soni 2 barobarga kamaytirilishi, loyiha qismida yo‘lga sarflanadigan vaqt 2,2 barobarga tejalishi, mintaqalar bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, shu jumladan,mahalliy aholi turmush darajasining yangi infratuzilma va rekonstruksiya qilinadigan yo‘llar hisobiga oshirilishini ta’minlash, avtomobil yo‘lining atrof-muhitga salbiy ta’sirini minimallashtirishga erishiladi.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston kengashi raisi, senator Ulug‘bek Jalmenov. –Yangidan qurilgan avtomagistralning foydalanishga topshirilishi tantanali marosimida Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu yo‘l yurtimizni Yevropa bozorlari bilan ishonchli bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanishi bilan birga, yangi yo‘l atrofida barpo etilgan savdo-servis ob’ekti va sanoat korxonalari hisobidan ko‘plab ish o‘rinlari tashkil qilinadi. Eng asosiysi, ushbu magistral yo‘l o‘tadigan tumanlar aholisining hayoti o‘zgaradi.
Jahon standartlariga mos, sifatli qurib bitkazilgan mazkur avtomobil yo‘li ko‘p yillar davomida xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari