Cyerbiyaning Vrnyachka-Banya shahrida shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasidagi “European Chess Club Cup” musobaqasi yakunlandi.
Bu yilgi qit’a kubogida 84 ta erkaklar jamoasi g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimizning 3 nafar mahoratli shaxmatchisining ishtirok etgani o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.
Kecha kubok bahslarining so‘nggi 7-turida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov ishtirok etgan “SuperChess” jamoasi musobaqa peshqadami “Novy Bor Chess Club” jamoasi bilan kuch sinashdi. Abdusattorov qora donalarda germaniyalik Vinsent Keymer, Sindorov vetnamlik Van Tay Nguyen bilan durangga erishgan bo‘lsa-da, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqara olmadi. Hisob 2,5:3,5 ko‘rinishida “Novy Bor Chess Club” foydasiga hal bo‘ldi. Bu esa “SuperChess”ning sovrindorlar qatoridan joy egallashini yo‘qqa chiqardi.
Nodirbek Yoqubboyevning “TAJFUN-ŠK Ljubljana” jamoasi 7-turda “Sentimento Ajka BSK” bilan (3:3) murosa yo‘lini tanladi. Ushbu turda Yoqubboyev serbiyalik xalqaro grossmeyster Aleksey Saranani mag‘lub etdi.
O‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Abdusattorov va Sindorov jamoasidan ustun kelgan “Novy Bor Chess Club” jamoasi 13 ochko bilan Yevropa kubogi sohibi bo‘ldi.
2-o‘rinni 12 ochkoga ega “Alkaloid” jamoasi egalladi. 11 ochko jamg‘argan “Vados Chess Club” qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bilan 3-o‘rindan joy oldi. Yoqubboyev sharafini himoya qilgan “TAJFUN-ŠK Ljubljana” jamoasi 5-o‘rinni, “SuperChess” esa 10 ochko jamg‘arganlar orasida eng yaxshi natija evaziga 7-pog‘onani egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA