O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Moskva davlat sport va turizm universiteti rektori, professor Natalya Masyagina hamda Turizm va mehmondo‘stlik sanoati instituti direktori Aleksandr Ivansovdan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalasida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qishki sport turlarini rivojlantirish, malakali mutaxassislar, yosh olimlarning tajriba almashinuvi va hamjihatlikda ilmiy loyihalar ustida ishlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi hamda ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov mehmonlarga mamlakatimizda sport ta’limini rivojlantirish, yurtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro sport musobaqalari, kelgusi yili poytaxtimizda o‘tkaziladigan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi”, ommaviy sportni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda Natalya Masyaginaga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faxriy professori unvoni topshirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA