Bugun, 25 oktyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 22-turi boshlanadi. Milliy chempionatimizning ilk kunida “Surxon” – “Lokomotiv” va “Navbahor” – “Metallurg” klublari o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lamiz.

Namangandagi “Markaziy” stadionida o‘tadigan “Navbahor” – “Metallurg” uchrashuvi soat 18:15 da start oladi. Ushbu bahsni To‘rabek Suyunov bosh hakam sifatida o‘tkazadi. Unga qanotlarda Sardor Hakimov va Mahmud Turdiyev yordam beradi.

Ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlar statistikasiga e’tibor qaratsak,  klublar Superliga (oliy liga)da shu kungacha 55 marotaba o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. O‘tkazilgan o‘yinlarning 24 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 13 ta uchrashuvda “Metallurg” jamoasi zafar quchgan. 18 ta bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbatida ham ustunlik Namangan shahri jamoasi foydasiga 78/53. 1998 yildan bugunga qadar o‘tkazilgan o‘yinlarda namanganliklar 90 ochko, bekobodliklar esa 57 ochko jamg‘argan. “Navbahor”ning “Metallurg” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi 7:0 bo‘lsa, “Metallurg” erishgan eng yirik g‘alaba 5:1 bo‘lib turibdi.

Namanganda shu kunga qadar o‘tkazilgan uchrashuvlarda “Navbahor” bo‘lajak raqibga deyarli imkoniyat bermagan. O‘tkazilgan 27 ta o‘yinning 19 tasida “lochinlar” g‘alaba qozongan, 7 ta bahsda durang qayd etilgan. Faqatgina 1 marta, ya’ni 2016 yili bekobodliklar zafar quchgan. Umuman olganda, “Metallurg” 2019 yildan buyon “Navbahor”ni hech bir o‘yinda mag‘lub etolmayapti.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur jamoalarning birinchi davrada Olmaliqda bo‘lib o‘tgan bahsida 1:1 hisobi qayd etilgan bo‘lib, uchrashuvdagi gollarga “Metallurg”dan Iskandar Shayqulov (77), “Navbahor”dan esa Toma Tabatadze (15) mualliflik qilgan.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Superligasining 22-tur uchrashuvlari 25-28 oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Shu kunlar davomida “Qizilqum” –“Paxtakor”, “Andijon” – “Olimpik”, “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona“, “OKMK” – “Neftchi”, “Dinamo” – “Nasaf” bahslari bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA