24 oktyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning ikkinchi kuni dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni ular jazo o‘tashini davom ettirish uchun, shuningdek, ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun berish va qabul qilish asoslari, shartlari hamda rad etish to‘g‘risidagi qoidalarni kiritish nazarda tutilgan.
Qonun xorijiy davlatlar sudlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish tartibi, shaxslarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar va boshqa masalalarga doir qoidalarni qamrab olgan.
Qonunda mahkumlarni jazoni o‘tashni davom ettirish yoxud ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun O‘zbekiston Respublikasiga qabul qilish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi ham aniq belgilanmoqda.
Mazkur qoidalar belgilanishi milliy qonunchilikda mahkumlarni topshirish tartibining normativ-huquqiy asosini shakllantirib, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalar bo‘yicha o‘zining majburiyatlarini yanada to‘liq darajada ijro etishiga imkoniyat beradi.
Muhokama davomida qonun mahkumni unga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashi orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni jadallashtirishga, shuningdek, xorijdagi fuqarolarning huquqiy himoya qilinishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Bu borada 2024 yil 7 avgust kuni “Probatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Ushbu tizim doirasida ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ma’naviy va jismoniy jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida keng qamrovli profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishiga qaramasdan ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda.
Bu esa mazkur yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarining qayta ko‘rib chiqilishini talab etmoqda.
2023 yilda ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushuvchi 5 529 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan. 2024 yilning 9 oyida 5 689 nafarni tashkil etgan va bu toifadagi shaxslar 160 nafarga ortgan.
Bundan tashqari, 2023 yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan bo‘lsa, 2024 yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan, ya’ni joriy yilda bunday shaxslar 2 463 taga ko‘paygan.
2023 yilda ma’muriy nazoratda turgan 4 167 nafar shaxs sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmaganligi uchun ularga birinchi marotaba ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024 yilning 9 oyida 3 153 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023 yilda 717 nafar va 2024 yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Bugungi kunda sud tomonidan belgilangan cheklovlar va majburiyatlarga rioya etmayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani tufayli, shu jumladan, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor hamda ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlarni berish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu bois Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat ostida turgan maxsus toifa shaxslar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularda qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini shakllantirish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-moddasi sanksiya qismiga amalda bo‘lgan jarima jazosidan tashqari ma’muriy qamoq jazosi ham kiritilmoqda.
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak, bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois muhokama qilinayotgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 1852 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi maxsus toifadagi shaxslar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan joyning o‘zida ta’sir choralarini qo‘llashga, ushbu toifa shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligining oshishiga hamda fuqarolarning behuda ovoragarchiliklarining oldi olinishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda milliy protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron (raqamli) dalillar tushunchasi, ulardan foydalanish tartibi va shu bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan. Elektron (raqamli) dalillarga qanday ma’lumotlar kiritilishi haqidagi masalalar huquqiy tartibga solinmagan.
Shu sababli mazkur qonun bilan amaldagi qator kodekslar va qonunlarga elektron ma’lumotlar hamda raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish, shuningdek, yo‘q qilish tartibini belgilovchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, elektron ma’lumotlarga elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan ma’lumotlar kirishi qayd etilmoqda.
Mazkur qonun bilan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tergov va sud jarayonlari ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib olishi, elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechirishi kerakligi borasida aniq tartib belgilanmoqda.
Shuningdek, qonunda raqamli dalillar tushunchasi ham qayd etilmoqda. Unga ko‘ra ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar, shu jumladan, elektron fayllar, audio- va videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmog‘ida saqlanayotgan va boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalil bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.
Mazkur qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga hamda odil sudlov sifatini oshirish va sud ish yurituvini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda noqonuniy ov qilish, brakonerlik tufayli hayvonot va nabotot turlari soni tobora kamayib bormoqda. Natijada ekologik vaziyat keskinlashyapti, bu esa jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirishda kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda qasddan daraxtlarni quritish holatlari uchrayotganini OAV orqali ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz.
Shuningdek, suv havzalarida turli noqonuniy usullar yordamida, xususan, elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlarni qo‘llagan holda baliq ovlash ortib bormoqda. Bu baliq zaxiralari qirilib ketishiga, turlarini yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Amaldagi qonunchiligimizda bunday qilmishlar uchun jazo choralarining yengilligi esa brakonerlarga juda qo‘l kelmoqda.
Boz ustiga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun belgilangan sanksiya mazkur yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini ta’minlash imkonini bermayapti.
Ta’kidlanganidek, taklif etilayotgan qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Og‘irlashtiruvchi holatlarda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.
Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa ob’ektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.
Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanmoqda.
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar normalari o‘zaro muvofiqlashtirilib, ushbu qonunlardagi ov quroli, shu jumladan, baliq ovlash quroli bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda.
Qayd etilganidek, qonunning qabul qilinishi noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olish orqali biologik resurslarni muhofaza qilishga, daraxt va butalar nobud qilinishining oldini olishga, davlat ekologik nazorati instituti samaradorligini oshirishga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga, tabiiy resurslarni kafolatlangan himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan) (Jeneva, 1970 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Konvensiyada mehnat munosabatlarida xodimlarning mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash choralarini yanada kuchaytirish kabi masalalar nazarda tutilmoqda.
Konvensiya barcha sohalarda ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini qayta tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda har ish yili uchun beriladigan ta’tillarni ta’minlashga zamin yaratadi.
Qayd etilganidek, shu kunga qadar ushbu Konvensiya 38 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyaning qabul qilinishi kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini yanada yuksaltirishga hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga imkon yaratadi.
Shuningdek, barcha sohalarda ishlovchi xodimlarning dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni amaliyotga samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati