Tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda telekommunikatsiyalar operatorlariga soliq va bojxona imtiyozlari berilmoqda.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, endilikda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan respublika hududiga olib kiriladigan tezkor qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalari soliq solishdan ozod qilinadi va mazkur texnik vositalar soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi.
Bu Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq hamda Bojxona kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Bojxona kodeksiga yuqorida ko‘rsatilgan texnik vositalarni bojxona bojini to‘lashdan ozod qilish tarzida tarif imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, harbiy xizmatni nazarda tutuvchi boshqa idoralar harbiy yuklar bojxona rasmiylashtiruvida bojxona yig‘imini to‘lashdan ozod qilinmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga hamda tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA