Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi – Nukus shahridan 450 km olisdagi “Dovut-ota” chegara bojxona postiga tutash hududdagi olti gektar maydonda ulkan bojxona terminali qurilishining yakuniy bosqichi jadallik bilan davom etmoqda.
Hozirda asosiy konstruktiv ishlar bajarilib, pardozlash va ichki muhandislik tarmoqlarini o‘tkazish ishlari yakunlanmoqda. Qurilish jarayonlariga 150 nafardan ziyod quruvchi va 30 dan ziyod maxsus qurilish texnikasi jalb etilgan.
Bojxona va yuk operatsiyalarini amalga oshirish uchun zamonaviy va barcha qulayliklarga ega terminal tarkibida kelgusida bojxona, fitosanitariya, veterinariya va boshqa tegishli nazorat organlarining rasmiylashtiruv markazi, tovarlar bilan yuk operatsiyalarini amalga oshirish uchun ombor, bojxona ko‘rigini amalga oshirish maydonchasi, bir vaqtning o‘zida 350 ta yuk avtotransport vositasini joylashtirish imkoniyatiga ega temir-beton qoplamali avtoturargoh, haydovchilar uchun mehmonxona va oshxona, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.