O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.

Majlis kun tartibiga “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”, “Davlat sirlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida” qonunlar kiritilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksiga, Soliq kodeksining 483-moddasiga, Soliq hamda Bojxona kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, Qurolli Kuchlarning hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish bilan bog‘liq qonunlar muhokama qilinadi.

Ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga oid masalalar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, “Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2023 yil 13 oktyabr), Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasining (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan) (Jeneva, 1970 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.

Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimizda yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat), O‘zA