Ma’lumki, inson o‘z tilini mukammal bilishi, doim ulug‘lashi va shu bilan birga, boshqa millatlar tiliga ham hurmat bilan qarashi yuksak madaniyatdan darak beradi. Zero, til bilim, fikr, axborot almashish, muloqot qilish vositasidir. Shu bois ham o‘zbek tilining jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish, obro‘sini oshirish, huquqiy maqomini belgilash, tom ma’noda davlat tiliga aylanishini ta’minlash yo‘lida muayyan ishlar olib borilmoqda.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘ldi. O‘tgan vaqt davomida ona tilimizni rivojlantirishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar imzolandi. Ayni jarayonda tilimizni dunyoga tanitish, xalqaro miqyosida mavqeini ko‘tarish bo‘yicha ham ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Bugungi kunga kelib, ko‘plabdavlatlardagi nufuzli oliy o‘quv dargohlarida o‘zbek tili o‘qitilyapti, xorijlik talabalar ona tilimizni o‘rganyapti. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Hindistonning “Jamia Millia Islamia”, Javoharla’l Neru hamda Dehli universitetlari bilan hamkorlikda o‘zbek tilini o‘qitish va keng targ‘ib etish bo‘yicha samaralari loyihalarni yo‘lga qo‘ygan.
– Javoharla’l Neru universiteti qoshidagi Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari kafedrasi qoshida uch yildan buyon o‘zbek tili o‘qitib kelinadi, – deydi TDSHU Janubiy Osiyo tillari va adabiyoti oliy maktabi boshlig‘i, hindshunos olima Nilufar Xo‘jayeva. – Ushbu maskanda eronshunos olim Shahboz Omil talabalarga tilimizdan dars berib kelmoqda. “Jamia Millia Islamia” universitetida ham ko‘p yildan beri o‘zbek tili o‘qitiladi. Hozir mazkur ta’lim dargohida yuzdan ziyod talaba va tadqiqotchi tilimizni o‘zlashtiryapti.
Hindistonlik Muhammad Ziyoulloh ona tilimizni o‘rganayotgan xorijlik talabalardan biri.
– Javoharla’l Neru universitetida o‘qish barobarida o‘zbek tili bo‘yicha ham saboq olyapman, – deydi u. – Fors, arab, ingliz tillarini bilaman. Binobarin, o‘zbek tilining betakrorligi, boyligi meni o‘ziga rom etgan. Shu bois mukammal o‘rganib, shu tilda ilmiy ish olib borish niyatim bor. Qolaversa, O‘zbekiston va Hindistonning tarixi, madaniyati, bir biriga o‘xshash jihatlarini kengroq tahlil qilish rejasini tuzdim.
Yaqinda TDSHUtashabbusi bilan dunyodagi “Top-100” oliy o‘quv yurtlari ro‘yxatiga kirgan, Hindistondagi reytingi eng yuqori Dehli universiteti qoshida o‘zbek va hindshunoslik markazi ochildi. Markazda o‘zbek tilini o‘qitish, ilmiy izlanish olib borish uchun ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, barcha zaruriy hujjatlar tayyorlandi. Tez orada maxsus kurs ochilib, talabalarga o‘zbek tilidan saboq berish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni payt O‘zbekistondan mutaxassislarni saralash va ularni Hindistonga yuborish ustida ish olib borilyapti.
Quvonarlisi, so‘nggi vaqtda hindistonlik yoshlar o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rganishga ishtiyoq kun sayin ortmoqda. Talabalar almashinuvi dasturlari, o‘zaro tajriba va mahorat oshirish kurslari ko‘paymoqda. O‘zbek asarlarini hind tiliga o‘girish borasida ham salmoqli ishlar qilinyapti. Ayniqsa, o‘zbek va hind yosh kitobxonlari orasida ikki xalq boy adabiy merosini targ‘ib etish maqsadida ko‘plab bolalar adabiyoti namunalari tarjima qilinyapti. Xususan, ertak kitoblar ikki tilda tarjima qilinib, kitobxonlarga havola etilyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, chet davlatlar tilshunos mutaxassislari bilan hamkorlikda, elchixonalarimiz ko‘magida xorijda o‘zbek tilini o‘rgatish ko‘lami kengaytirilyapti. Tabiiyki, buning natijasida o‘zbek tilida so‘zlashadigan xorijlik mutaxassislar soni ortadi. O‘zbek tilining mavqei oshib, yer yuzida ona tilimizda so‘zlashadigan insonlar ko‘payadi. Bu esa xalqimiz, mamlakatimiz dovrug‘ini yoyishga xizmat qiladi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA