Bugun Chexiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy boshchiligidagi delegatsiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.
Ko‘plab siyosiy ekspertlar va talabalarni jamlagan tadbir avvalida JIDU rektori Sodiq Safoyev nutq so‘zlab, so‘nggi yillarda Chexiya va O‘zbekiston munosabatida sezilarli oldinga siljish kuzatilayotganiga urg‘u berdi.
– Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa parlamenti doirasida doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelamiz, – dedi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari. – Davlatlarimiz iqtisodiyotni yuksaltirish yo‘lidagi hamkorlik har qachongidan yuqori pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Bugungi mehmonimiz, janob Lipavskiy butun dunyo mamlakatlarini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish uchun siyosiy diplomatiya resurslarini targ‘ib qilish va qo‘llash, turli mintaqa, sivilizatsiya, madaniyat va dinlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashda juda faol. Biz ayni jarayon bardavom bo‘lishidan umidvormiz. Qolaversa, ko‘p yildan beri taklif qilinayotgan Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi transport yo‘lini yaratish borasidagi umumiy sa’y-harakatni yanada kuchaytirishimiz kerak. Bugun Chexiya Respublikasi rasmiy doira vakillari bilan akademik va talabalar almashinuvi dasturini muhokama qildik. O‘ylaymanki, sheriklikka har ikki tomonda qiziqish kuchli.
Uchrashuv davomida Yan Lipavskiyning geosiyosat masalasi va ikki davlat o‘rtasidagi azaliy munosabatlar to‘g‘risidagi ma’ruzasi ham tinglandi.
– Yer yuzidagi so‘nggi voqealar asnosida xalqaro qonunlar ko‘p bor chetlab o‘tilyotganiga guvoh bo‘lyapmiz, – deydi vazir. – Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan. Ayni holat mamlakatdan doimiy hushyorlikni talab qiladi.
Tadbir so‘ngida xorijiy delegatsiya a’zolari talabalarning mavzuga oid savollariga batafsil javob qaytardi.
Musulmon Ziyo, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA