–
Kiyevga yana 35 milliard yevro ajratiladi
“RIA Novosti” yozishicha, Yevropa parlamenti (YeP) Strasburda o‘tgan navbatdagi sessiyada Yevropa Komissiyasi (YeK)ning Kiyevga 35 milliard yevro kredit berish taklifini ma’qulladi. Mablag‘ Rossiyaning muzlatilgan aktividan tushgan daromad hisobidan ajratiladi.
Mazkur qarorni 518 noib tasdiqladi, 56 deputat qarshi chiqib, 61 nafari betaraf qoldi.
– Shu yo‘l bilan Ukrainani moliyalashtirish uchun Rossiyaning muzlatilgan aktividan tushgan daromad ishlatilishini namoyish qilamiz, – degan YeP raisi Roberta Metsola.
Endi bu masalasini YeI Kengashi hafta oxirigacha ko‘rib chiqishi kerak.
Italiyada Yaqin sharqdan noqonuniy migrantlarni olib o‘tadigan
jinoiy guruh fosh etildi
Italiya moliya gvardiyasi Afg‘oniston, Pokiston va Iroq fuqarolaridan tashkil topgan jinoiy guruh a’zolarini fosh etdi. Ular Yaqin Sharqdan noqonuniy migrantlarni Italiya orqali Fransiyaga olib o‘tish bilan shug‘ullangan. “Corriere della Sera” gazetasi politsiya muassasasiga tayanib yozishicha, jinoyatchilar telefon orqazi so‘zlashganda mijozlarini “qo‘ylar” va “kaptarlar” deb atagan.
– Tekshiruv Turkiya va Iroqda joylashib olgan, Italiya, Fransiya va Gretsiyada bo‘limlari bo‘lgan jinoiy tashkilot haqida jiddiy ma’lumot to‘plashga imkon berdi, – deyilgan xabarda. – Guruh asosan Yaqin Sharq va Osiyoning bir necha mamlakati – Iroq, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Suriya va Livandan Kalibriya sohiliga yetib olishni istaganlarni dengiz orqali tashigan.
Isroilning Livandagi mojaroni hal qilish sharti oshkor qilindi
O‘tgan hafta Isroil Amerika Qo‘shma Shtatlariga Livandagi qurolli mojaroni hal qilish sharti ko‘rsatilgan hujjat yubordi, biroq loyiha bandlari BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasiga zid, deb yozdi “Axios” portali ushbu ikki davlat rasmiylariga tayanib. Portal suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, Isroil o‘z qo‘shini Livandagi Hizbulloh harakati qayta qurollanishi va mamlakat janubida Isroil bilan chegaradosh hududda harbiy infratuzilmasini tiklashiga qarshi faol chora ko‘rish imkoniga ega bo‘lishini xohlamoqda. Bundan tashqari, Isroil harbiy-havo kuchlarining Livan havo hududida erkin parvoz qila olishi ham talab qilingan.
Har ikki shart, qayd etilganidek, BMT XK hujjatini inkor etadi.
2006 yil Isroil – Livan urushidan keyin qabul qilingan tegishli rezolyutsiyada Litani daryosi janubiga Livan armiyasi yoki BMT kuchlariga tegishli bo‘lmagan biror harbiylashtirilgan tuzilma joylashishi taqiqlangan.
JSST: Misr bezgakdan xoli mamlakat
– Misr bezgakdan xoli va bu 100 milliondan ortiq aholiga ega mamlakat uchun sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim yutuq, – deyilgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilot tarqatgan matbuot bayonotida. – Qadimdan keng tarqalgan kasallikning oldini olishga qaratilgan Misr hukumati va xalqi tomonidan olib borilgan qariyb 100 yillik sa’y-harakati natija berdi.
JSST bezgak tashuvchi chivin tarqalishi zanjiri butun hududda kamida so‘nggi uch yil davomida uzilgani to‘g‘risida batafsil va ishonchli dalil taqdim etilsa, mamlakatga bezgakdan xoli maqom beradi. Chivin chaqishi orqali yuqadigan mazkur infeksiyadan Afrika mintaqasi eng ko‘p zarar ko‘rmoqda.
Bangladeshda million tonnadan ziyod guruch nobud bo‘ldi
Bangladesh qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakatda yuz bergan toshqin 1,1 million tonna guruchni nobud qilgan. Natijada oziq-ovqat narxi jadal qimmatlashayotgan bir sharoitda, guruch importini ham oshirishga to‘g‘ri kelmoqda.
Sholichilik bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan Bangladeshda 170 million kishini ta’minlash uchun yiliga 40 million tonna guruch yetishtiriladi.
Ruandada Marburg virusiga qarshi dori sinovi boshlandi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Afrika bo‘yicha mintaqaviy idorasi ma’lum qilishicha, Ruandada kasallik avj olgan bir paytda Marburg virusiga qarshi dorining dunyodagi birinchi klinik sinovi boshlandi.
Qayd etilishicha, amaliyot davomida avval “COVID-19”ni davolashda qo‘llangan Remdesivir preparati hamda Marburg virusiga qarshi kurashish uchun maxsus ishlab chiqilgan MBP091 nomli aksil korning xavfsizligi va samaradorligi tekshiriladi.
Sinovdan oldin Afrikaning 17 mamlakati va boshqa mintaqalardan 200 ga yaqin olim, sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassisi tomonidan ikki yil davomida izlanish olib borilgan.
Livanda 70 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lgan
JSST Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Rik Brennar Qatarda uyushtirilgan matbuot anjumanida bildirgan fikricha, Livandagi vaziyatni favqulodda holat sifatida baholash mumkin.
– Hududdagi olti kasalxona ishlamayapti, yana beshtasi qisman faoliyatini to‘xtatdi, – degan mulozim. – Isroil harbiylari tibbiyot muassasalariga 23 bor hujum uyushtirdi, 70 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘ldi.
Peru sobiq prezidenti 20 yilga qamaldi
Peru sudi ta’kidlashicha, mamlakatning sobiq Prezidenti Alexandro Toledo 35 million dollar pora evaziga Braziliyaning “Odebrecht” kompaniyasiga ikki davlatni bog‘laydigan avtomobil magistrali qurish bo‘yicha davlat shartnomasini olishda yordam bergan.
Toledo 2023 yil aprelda AQSH hukumati tomonidan Kaliforniyada hibsga olinib, vataniga qaytarilgan edi.
S.Rahimov, O‘zA