Kuvaytning “Q8 Press” elektron nashrida Toshkentda O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumi bo‘lib o‘tgani keng yoritildi.
Maqolada joriy yilning 15-21 oktyabr kunlari Kuvaytning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirilgani qayd etilgan.
Tashrif doirasida IT, turizm, kimyo sanoati, tibbiyot hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yurituvchi ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Kuvayt biznes-forumi hamda “B2B” formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda Kuvayt tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Ahmad Mansur Halaf Al Alaj nutq so‘zladi.
Shuningdek, forumda mamlakatimizning vazirlik va idoralari vakillari O‘zbekiston hamda Kuvayt investitsion salohiyati va savdo-iqtisodiy munosabatlarini aks ettiruvchi taqdimotlar bilan qatnashdilar.
Nashrning yozishicha, Kuvaytlik tadbirkorlar bilan uchrashuv Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida ham davom etishi kutilmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA