Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirokchilarni O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, tilimizga bo‘lgan hurmat bu ko‘p millatli xalqimizning ma’naviy dunyosini yanada boyitishga, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ularni ulug‘lashga qaratilgan g‘amxo‘rlikning ifodasidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llash doirasini kengaytirish, filolog kadrlarni tayyorlash choralarining yangi bosqichlarga ko‘tarilgani mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan alohida e’tibor ifodasidir.
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. Chunki, davlat tilining sofligi – bu yurtimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz kelajagini belgilaydi. U o‘sib kelayotgan yoshlarni ona-Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda va milliy urf-odat, an’analarimizni asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi.
Bayram tadbirida so‘z olganlar Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilayotgan e’tiborga to‘xtaldi.
Tadbirda san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi. O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.