Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlari va inson huquqlari bo‘yicha byurosidan uzoq muddatli kuzatuvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib, komissiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlar dastlab, saylov komissiyasi joylashgan binoda komissiya faoliyati va saylovga oid peshlavhalar bilan tanishdi va ularda aks etgan ko‘rinishlar bo‘yicha ma’lumot oldi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi Matbuot markazi hamda komissiya a’zolarining ish xonalari, konferensiya zalida bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ziyuatdin Kamalov bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlari va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi rahbari Ueyk Duglas hamda delegatsiya a’zolari ishtirokida  muloqot o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida mehmonlarga joriy yil 27 oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, muloqot davomida kuzatuvchilar missiyasi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javob oldi. Xususan, joylardagi saylov komissiyalarining saylovlargacha o‘quv seminarlarida ishtirok etganligi, tajribalari, shu bilan birga Qoraqalpog‘istonning chekka tumanlarida saylovchilar soni va saylovni o‘tkazishga ko‘rilayotgan tayyorgarliklar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA.