Yoshlar O’zLiDeP tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetda “Erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida saylovoldi targ‘ibot tadbiri tashkil qilindi.
Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov, parlamentga va mahalliy Kengash deputatligiga nomzodlar, tadbirkor va fermerlar, partiya faollari, talaba yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar partiyaning saylovoldi dasturida 5 ta maqsad va 500 ta vazifani o‘zida aks etganligi, dasturda barcha sohalar bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar ilgari surilganligini qayd etdi. Ayniqsa, saylovoldi dasturida yoshlar yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, 2030 yilgacha bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lami 50 foizga yetkazilishi uchun barcha choralarni safarbar qilinishi rejalashtirilgan. Jahondagi “Top-500”dagi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish oliy ta’lim tizimi takomillashuviga xizmat qiladi.

Yoshlarni “Top-100” global ro‘yxatga kirgan universitetlarda ta’lim olishi uchun valyutada uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar berish amaliyotini joriy etish borasidagi vazifalar ijrosini nazoratga olinishini ta’minlaydi. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazishga erishiladi. Kelgusi yillarda oliygohlar uchun qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari va 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish borasidagi vazifalar belgilanmoqda.

Uchrashuv davomida talaba yoshlar ham O’zLiDeP tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.