Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) D.Abdullayev va boshqalar so‘zga chiqib, ona tili ilmni o‘lchaydigan tarozi ekanligini, ajdodlardan bizga meros bo‘lib, hamisha ulug‘lanib kelayotgan tilimizga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz besh yilligi bilan barchani samimiy qutladi.

Til bizning o‘tmishimizni, bugunimizni va kelajagimizni ko‘rsatib, milliy qadriyatlarimizni va o‘zligimizni saqlab qolishda muhim omil ekanligi alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish va uni jahonga tanitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, bu borada  erishilayotgan ijobiy natijalar qayd etildi.

Murg‘ak go‘daklik chog‘imizdan qalbimizda ona tiliga bo‘lgan mehr va cheksiz muhabbat tuyg‘usi shakllangan. Inson zoti borki, qalbidagi eng beg‘ubor orzularini ona tilida ifoda etadi.

Tadbirning badiiy qismida iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan tilimizning jozibasini o‘zida namoyon etuvchi she’rlar o‘qildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.