Buryatiya delegatsiyasi Orolbo‘yida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Yermanov Rossiya Federatsiyasi Buryatiya Respublikasidan kelgan delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda xalqaro aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, gumanitar sohalar va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugun bu aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buryatiya Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlik, investitsiyaviy yangi loyihalar, turizm, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi sohalarida istiqbolli loyihalarni ishga tushirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Chimboy tuman prokurori, 2-sektor rahbari R.Xalmuratov tashabbusi bilan “Temir yo‘l guzari” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda ishsiz yoshlar, aliment undiruviga qaratilgan ishsiz, shuningdek, doimiy ish o‘rinlariga muhtojligi bo‘lgan jami 60 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi.
Yarmarkaga tuman hududidagi 89 ta tashkilot, korxona va tadbirkorlik sub’ekti jami 322 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Tadbir natijasiga ko‘ra 14 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. 4 nafar ishsiz yosh kasbga tayyorlash o‘quv kurslariga yuborildi. Bundan tashqari, 27 nafar fuqaroga bandlik munosabatlariga oid huquqiy maslahat berildi.
Bolalar bog‘chasi foydalanishga topshirildi
Amudaryo tumani Qoramon mahallasida 150 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur binoning qurilishi mahalla ahli uchun juda katta xayrli ishlardan biri bo‘lganligini, endilikda qishloq ayollarining mushkuli yanada oson bo‘lishini alohida ta’kidladi. “Mang‘it invest maximum” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchi tashkiloti tomonidan 6,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan muassasa binosi o‘z muddatida foydalanishga topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.