Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 apreldagi “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Shu asosda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymov Beruniy tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib, o‘quvchilar bilan uchrashdi. Suhbat davomida akademik mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zladi. Jumladan, yoshlarga ta’lim, ilmiy izlanishlar va ijodiy rivojlanish uchun ko‘plab dasturlar va loyihalar amalga oshirilayotgani, ayniqsa, fan va texnologiya sohasidagi yutuqlarga erishish yo‘lida davlat tomonidan e’tibor berilayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, maktabning tabiiy fanlar yo‘nalishi 11-sinf o‘quvchilari bilan geterohalqali birikmalar mavzusida dars mashg‘ulotlari olib borildi. Ushbu darsda organik kimyoning murakkab qismlaridan biri bo‘lgan geterohalqali birikmalarni o‘rganish, ularning kimyoviy xossalari, tuzilishi va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Darsning maqsadi o‘quvchilarning ilmiy tafakkurini kengaytirish, organik kimyo bo‘yicha amaliy bilimlarini mustahkamlashdan iborat. Dars mobaynida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga akademik tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.