Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani markazida yangi savdo majmuasi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur majmua tadbirkor Umrbek Nurimbetov rahbarligidagi “ERIZON MALL” ma’suliyati cheklangan jamiyat tomonidan o‘z mablag‘i hisobidan bunyod qilindi. E’tiborli jihati shundaki, bu yerdagi mahsulotlar aholiga nisbatan arzon narxlarda taqdim etiladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ko‘plab imtiyozlar berilmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik sub’ektlari uchun o‘ndan ortiq farmon va qarorning qabul qilinishi hamda joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvning Nukus shahrida o‘tkazilishi buning yaqqol misoli ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, tumanda so‘nggi 3 oy mobaynida 60 dan ziyod xizmat ko‘rsatish, sanoat, savdo shoxobchalari kabi tadbirkorlik sub’ekti ishga tushirilib, yangidan 800 dan ortiq ishchi o‘rni tashkil etildi.
– Yangi savdo majmua tuman markazining yanada ko‘rkam va fayzli ko‘rinish olishida ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shganidan mamnunmiz, – deydi biz bilan suhbatda tadbirkor U.Nurimbetov. – Majmua ish boshlashi bilan bu yerda 30 nafar mahalliy yosh doimiy ish bilan ta’minlandi.
Ushbu zamonaviy savdo majmuasining barpo etilishi nafaqat ish o‘rinlarini yaratilishi, balki aholi uchun barcha turdagi sifatli mahsulotlarni arzon narxlarda sotish va samarali xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.