Milliarder Ilon Mask amerikalik taniqli jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida agar Tramp saylovda yutqazsa, o‘zi qamalishi ehtimoli kuchliligini aytgan. Nima uchun bunday bo‘lishi mumkinligiga esa izoh bermagan.
AQSH Federal saylov komissiyasi hujjatida Mask uch oy davomida Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy tashkilot hisobiga 75 million dollar xayriya qilgani keltirilgan.
Nima uchun Ilon Trampga yon bosmoqda? Balki, qamalishi bilan bog‘liq gapida jon bordir? Shuning uchun jon-jahdi bilan sobiq Prezidentni qo‘llayotgandir?
Darvoqe, avvaliga Demokratik partiyani yoqlagan milliarder keyinchalik fikrini o‘zgartirib, joriy saylovda Respublikachilarga ovoz berishini ma’lum qilgan. O‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH chegarasini noqonuniy muhojirlardan himoya qilish siyosati, mamlakatda ichki xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha pozitsiyani ma’qullashini bir necha bor ta’kidlagan.
Ma’lumki, Pensilvaniyadagi saylov oldi chiqishida Trampning hayotiga suiqasd qilindi. AQSH sobiq rahbari qonli yuzi bilan sahnadan olib ketilayotganini ko‘rgan Mask uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor takrorladi. Shu bilan birga u Kamala Xarrisni bir necha bor keskin tanqid qilib chiqdi. Xususan, agar Xarris g‘alaba qozonsa, bu saylovlar Qo‘shma Shtatlar uchun oxirgisi bo‘lishini bashorat qildi. Har holda bu amaldagi vitse-prezident faoliyatiga berilgan eng yomon baho bo‘lsa kerak. Trampni esa, aksincha, demokratiyani saqlab qolishning oxirgi yo‘li, deb biladi.
Tabiiyki, Trampning Ilon haqidagi fikrlari ham ko‘pchilikni qiziqtiradi. Masalan, Tramp bir jurnalistning “Saylovda g‘alaba qozongan taqdiringizda Maskni maslahatchi yoki boshqa biror mas’ul lavozimga tayinlashni xohlarmidingiz?” degan savoliga ijobiy javob bergan:
– U juda aqlli odam. Rozi bo‘lsa, albatta shunday qilardim.
Amaldagi Prezidenti Jo Bayden esa bu bahsga munosabat bildirarkan, “Ilon Mask va boyvachcha hamkasblarining saylovni sotib olishga urinishi jonga tegdi”, degan.
Xullas, saylov oldi jarayoni ko‘pchilikning siyosiy qarashini namoyon etmoqda. Tomonlar raqib nomzodning zaif tomonlarini topish, iloji bo‘lsa, saylovchilar oldida obro‘sizlantirishga urinmoqda.
Kenja Bekjonov, O‘zA