O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Qatar ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Uchrashuvda palatas raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda ushbu arab davlati “Premium Constraction” korxonasi vakili Nasri Al Sa’diy qatnashdi.
Qatar tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekistonni ishonchli hamkor sifatida ko‘rishini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbir doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi qoshidagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoati”, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmalari vakillari tomonidan mamlakatmiz investitsion salohiyati hamda tadbirkorlikning keng istiqboli aks etgan taqdimot namoyish qilindi.
Muzokara davomida Qatar davlati ishbilarmonlari qiziqish bildirgan soha va yo‘nalishlar bo‘yicha zarur ma’lumotlar, savollarga javoblar berildi. Savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqilib, muhokama etildi.
Shuningdek, 11 noyabr kuni Doha shahrida bo‘lib o‘tadigan Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etish, Qatarda o‘zbek mahsulotlari uchun savdo uyi yoki shourum markazi ochishga kelishib olindi.
Qatar delegatsiyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi dasturiga muvofiq, Namangan viloyatiga safar ham rejalashtirilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA