O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Gruziya iste’molchilar federatsiyasida bo‘lib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Memorandum imzoladi.
Memorandumda ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda mustahkamlanishi belgilandi:
— elektron tijorat va raqamli tovarlar bozorida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mavjud xalqaro yetakchi prinsiplar va standartlar mahalliy iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sharoitlarga moslangan holda qabul qilinishida tashabbus ko‘rsatish;
— bir mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar boshqa mamlakatda sotilganda yoki elektron xizmatlar boshqa mamlakat iste’molchilariga ko‘rsatilganda yuzaga keladigan qonunbuzarliklar va qallobliklarning oldini olish uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy iste’molchilar tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
– hamkor iste’molchilar tashkilotlari bilan bu borada tezkor va samarali axborot almashuvini yo‘lga qo‘yish hamda iste’molchilar huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun ikki va ko‘ptomonlama bitimlar tuzib, ularni hayotga tatbiq etish orqali amalga oshirish;
— iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida xalqaro, mintaqaviy va milliy hamkor tashkilotlar bilan tajriba almashish maqsadida manfaatdor tashkilotlar uchun doimiy tarzda treninglar, seminarlar, forumlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish.
Bu tashabbuslar iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zA