O‘zbekistonda «IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi» bo‘lib o‘tadi. Joriy yil 17 oktyabr kuni o‘tkaziladigan forum 250 dan ortiq aksilkorrupsiya idoralari xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirishi kutilmoqda.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, forumda Finlyandiya, Gruziya, Koreya, Litva, Malayziya, AQSH, Xitoy, Hongkong, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston kabi mamlakatlarning aksilkorrupsiya idoralari rahbariyati va vakillari ishtirok etadi.

Forum doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Jahon bankining Halollik boshqarmasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, agentlik rahbariyati O‘zbekistonga tashrif buyurgan Xitoy Nazorat bo‘yicha milliy komissiyasi bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashadi.

Forumning ochilish marosimida korrupsiyaga qarshi kurashishga faol hissa qo‘shib kelayotgan hududiy kengash, tashkilot, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar munosib taqdirlanadi.

N.Abduraimova,

O‘zA