Dushanbe shahrida «Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 30 yil» mavzusidagi xalqaro parlament konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Eron, Belarus, Ozarbayjon hamda Armaniston davlatlarining parlamentlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro anjuman parlamentlararo hamkorlik va muloqotni yanada kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan. Konferensiya davomida konstitutsiyaviy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishda milliy va xalqaro tajribalar qiyosiy tahlil qilinadi.
Shu bilan birga, milliy va jahon konstitutsiyaviy taraqqiyotida global jarayonlarning mohiyatini aniqlash hamda jamiyatda konstitutsiyaviy qadriyatlarni ilgari surish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish ham ko‘zda tutilgan.
Konferensiya doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan parlamentlar rahbarlari o‘rtasida ko‘p tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar kengayib borayotgani, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlik yanada rivojlanayotganini ta’kidlab o‘tdi.
N.Abduraimova,
O‘zA