Litva Ukrainadagi maishiy, ijtimoiy infratuzilmani rekonstruksiya qilish va rivojlantirish uchun 13 million yevro ajratdi. Hukumat matbuot xizmati xabarida ushbu mablag‘ yordamida mamlakatni tiklashga qaratilgan loyihalar moliyalashtirilishi aytilgan.

Litva moliya vaziri Gintare Skayste ta’lim, energetika va boshqa muhim sohalarda Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlash davom etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, xalqaro hamkorlar ukrainaliklarning xavfsiz va farovon kelajakka ishonchini mustahkamlash uchun ushbu sa’y-harakatga qo‘shilishga chaqirildi.

2022 yildan buyon ushbu Boltiq bo‘yi davlati Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam ko‘rinishida jami 1,5 milliard yevro yo‘naltirgan.

Jumladan, Borodyanka va Irpendagi ta’lim muassasalari ta’mirlandi, “Kelajak maktabi” loyihasi yo‘lga qo‘yildi, ziddiyat qurbonlarini reabilitatsiya qilish dasturlari ishlab chiqildi.