Kuchli yomg‘ir natijasida Sahroi Kabirning bir qismi suv ostida qoldi. Palma daraxtlari, qumli tepaliklar orasida “ko‘k ko‘lmak”lar paydo bo‘ldi. Bu haqda “The Associated Press” agentligi yozgan.

Marokash hukumati xabar berishicha, sentyabr oyida yiliga 250 millimetrdan kam yomg‘ir kuzatiladigan bir necha hududda ikki kunlik yog‘in yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan oshib ketgan. NASA sun’iy yo‘ldoshlari 50 yil davomida qurib qolgan mashhur Ireki ko‘li to‘lishi jarayonini yozib olgan.

Mamlakat Meteorologiya bosh boshqarmasi xodimi Hussin Yuabeb shunday deydi:

– Yaqin 30-50 yil oralig‘ida bunday kuchli yog‘ingarchilik bo‘lmagan.

Mutaxassislar ekstratropik bo‘ron, deb ataydigan bunday yomg‘ir kelgusida mintaqa iqlimi, ob-havosini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Zero, havo namlikni ushlab turadi. Natijada kuchli bug‘lanish hosil bo‘ladi va bo‘ron yuzaga keladi.

Bu mavsum Marokash va Jazoirda yomg‘ir 20 dan ortiq odamni hayotdan olib ketdi, ulkan ekin maydonlariga zarar yetkazdi.