10-11 oktyabr kunlari Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek – buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, yurtimizda buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanmoqda.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjuman qatnashchilari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida bo‘lib, ulug‘ alloma haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Ayni paytda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida konferensiya o‘z ishini boshladi. Unda o‘nga yaqin davlatdan yigirmadan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari